Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish
Bugungi yangilanish sizga AI yordamida millionlab stikerlarni qidirish, videolar uchun joriy vaqtdagi havolalarni nusxalash, videolar uchun muqova rasmlarini belgilash, kanalingiz nomidan Yulduzlar bilan reaksiya bildirish, oʻxshash botlar bilan tanishish va boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi.
Dekabrda biz Telegramning rasmiy toʻplamlaridan 40 000 dan ortiq stikerlar va emojilar uchun AI asosida qidiruv imkoniyatini qoʻshgan edik.
Bu yangilanish bilan AI modeli endi Telegram foydalanuvchilari tomonidan yuklangan millionlab maxsus stikerlar va emojilar natijalarini oʻz ichiga oladi. Oʻylayotgan maymun
yoki fazoviy it
kabi murakkab kalit soʻzlarni qidirib koʻring — stiker paneli siz qidirayotgan narsani darhol chiqaradi. Bu funksiya 29 tilda, jumladan, ingliz, ispan, arab va oʻzbek tillarida qidiruvni qoʻllab-quvvatlaydi.
Istalgan Telegram foydalanuvchisi oʻz stikerlari yoki emojilarini bir necha oddiy qadamda yaratishi mumkin.
2019-yildan buyon video xabarlarga qoʻshilgan izohlar va javoblar 1:38
kabi vaqt belgilarini qoʻllab-quvvatlab keladi, bu esa kulgili lahzalarni ajratib koʻrsatish yoki tomoshabinlarni maʼlum boʻlimlarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Telegramdagi chatlarda yoki boshqa platformalarda video havolasini ulashayotganda endi havolaga joriy vaqt belgisini qoʻshishingiz mumkin. Kimdir havolani bosganida video Telegramda oʻsha aniq lahzada ochiladi.
Video havolasini ulashish uchun video pleyerda ulashish strelkasini bosing. Bu sizga havolaga joriy vaqtni qoʻshish imkoniyatini avtomatik ravishda beradi.
Hikoyangizga qoʻshadigan videolar kabi, endi siz kanallarda joylagan videolar uchun muqova rasmi sifatida foydalanish uchun kadr tanlashingiz mumkin. Qiziqarli eskizlar yaratish uchun muqovani tanlashdan oldin video muharriri yordamida matn, stiker, emoji va boshqalarni qoʻshing.
Video muqovasini tanlash uchun video muharririning yuqori burchagidagi uch nuqta belgisini bosing va “Muqovani tahrirlash” bandini tanlang.
Endi video tomosha qilayotganingizda pleyer toʻxtagan joyingizni eslab qoladi. Videodan istalgan vaqtda chalgʻishingiz mumkin — unga qaytganingizda tomosha aynan qolgan joyingizdan davom etadi.
Telegramdagi barcha videolar tasvir ustida tasvir rejimida ijroni qoʻllab-quvvatlaydi, shuning uchun xabarlarga javob berayotganingizda va boshqa chatlarni koʻrib chiqayotganingizda tomosha qilishda davom etishingiz mumkin.
Foydalanuvchilar kontent mualliflarini kanal postlariga Yulduz reaksiyasini yuborish orqali Yulduzlar bilan qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Maxfiylikni oshirish va kontent mualliflariga reytingda kanallarini targʻib qilish imkonini berish uchun foydalanuvchilar endi oʻz kanallaridan biri nomidan Yulduzlar bilan reaksiya bildirishi mumkin.
Yulduz reaksiyalari uchun har doim anonim rejim mavjud — foydalanuvchi yetakchilar reytingida chiqmasligi uchun reaksiyalarni yuborishdan oldin oʻz ismini berkitishi mumkin.
Kanallarda boʻlgani kabi, bot profillarida endi oʻxshash botlar roʻyxatini koʻrishingiz mumkin — bu sizga boshqa mashhur xizmatlar, vositalar va oʻyinlarni topishga yordam beradi.
Bu yildagi Telegramning uchinchi yangilanishi shulardan iborat. Ular ustida ishlash isinib olishimizga yordam beradi, shunday ekan yaqin orada yanada koʻproq yangiliklarni kuting!
2025-yil 12-fevral,
Telegram jamoasi