Asl eʼlonni ingliz tilida oʻqish

Telegram endi 13 yoshda, lekin bu har oylik yangilanishlarni toʻxtatishga sabab boʻla olmaydi:
Guruhlar va kanallar endi yangi aʼzolarga boshqalar uchun chatni toʻldirib yubormasdan qoʻshimcha axborotlar berish uchun salomlashuv xabarlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Foydalanuvchi qoʻshilganida xabarni faqat oʻzi koʻra oladi.
Salomlashuv toʻplamiga bir nechta xabar va media qoʻshish mumkin. Boy formatlash ham bu yerda ishlaydi – jumladan, jadvallar, ichki media va yangi aʼzolarni choʻchitishning boshqa sirli usullari.
Oson! Hech qanday bot yoki sehr-jodu kerak emas. Guruh yoki kanalingizga salomlashuv xabarini qoʻshish uchun uning profilini oching va Tahrirlash > Salomlashuv xabari bandini tanlang va bir nechta xabar yuboring:
11 yil avval Telegram botlari oddiy chat ichida istalgan ilovani yaratish imkonini berdi. Bugundan boshlab bitta xabar ichiga sigʻadigan ilovalar yarata olasiz. (Koinotni stikerga sigʻdirmasimizdan oldin bizni toʻxtating.)
Dasturchilar endi bir nechta tugmani bevosita xabar ichiga joylashtira oladi. Vaqtinchalik xabarlar bilan birgalikda bu soʻrovnomalar, oʻyinlar va munajjimlar bashoratidan tortib mahsulotlarni koʻrish va buyurtma qilishgacha boʻlgan har qanday narsa uchun oqimlar yaratish imkonini beradi.
Bunday xabarlarni istalgan joyda, jumladan, istalgan sondagi foydalanuvchi ular bilan ishlay oladigan guruh yoki kanallarda eʼlon qilish mumkin – masalan, bir vaqtning oʻzida alohida oʻyinlarda shaxmat oʻynash uchun.
Hatto ulardan aʼzolarga Qanday turdagi panda ekanini bilib olishlariga yoki guruhingizning Foydalanish shartlaridagi chalgʻituvchi usullarni bosib oʻtishlariga yordam beradigan salomlashuv xabarlari sifatida ham foydalanishingiz mumkin.
Bu yerda ham hech qanday sehr-jodu kerak emas, lekin biroz kod yozishga toʻgʻri keladi. Bu vayb-koding zamonasida buni hech kim qoʻrqinchli deb bilmasa kerak, shundaymi?
Dasturchilar uchun batafsil axborot shu yerda mavjud.
Boy matn muharriri endi koʻproq turdagi ichki mediani qoʻllab-quvvatlaydi, shuning uchun matningizning istalgan joyiga hujjatlar, fayllar va musiqa kirita olasiz. Chunki hech narsa har bir soʻzdan keyin kelgan Excel jadvali kabi “Seni sevaman” deya olmaydi.
Matn muharririni ochish uchun kiritish maydoniga 3 qatordan koʻproq matn kiritgandan keyin paydo boʻladigan ⛶ belgisini bosing.
Afsuski, hatto rivojlangan jamiyatlarda ham ilovalarning avtomatik yangilanishi faolsizlantirilgan odamlar uchraydi. Aynan ular uchun dizaynerlarimiz chiroyli oʻrinbosar yaratdi: agar ilova eskirgan boʻlsa va xabarni koʻrsata olmasa, u xabar oʻrnida paydo boʻladi. Oʻrinbosarga oxirgi yangilanishni bir zumda yuklab olish uchun tugma ilova qilingan.
Ilovaning eskirgan versiyasi haqidagi yangi oʻrinbosardan zavqlanish uchun oxirgi versiyaga yangilang va biz yangi biror narsa qoʻshishimizni kuting.
Android'da avtomatik yangilanishni yoqish uchun Play Marketni oching va Sozlamalar > Tarmoqqa ulanish sozlamalari > Ilovalarni avtomatik yangilash rukniga kiring. iOS'da Sozlamalar > Ilovalar > App Store rukniga kiring va “Ilova yangilanishlari” bandini yoqing.
Telegram Yulduzlar yordamida xavfsiz va qulay hadyalar marketpleysimizda boshqa foydalanuvchilardan minglab noyob hadyalarni sotib olishingiz mumkin. Endi u yerdan sotib olgan hadyalaringizga oʻz imzo va fikringizni ham qoʻsha olasiz.
Chunki hech narsa haqiqatan ham “Seni sevaman!” deydigan, avval ham sevilgan Plush Pepe kabi “Seni sevaman” deya olmaydi.
Telegram Marketpleysdan hadya yuborish uchun istalgan foydalanuvchi profilini oching va ⋮ / ⋯ > “Hadya yuborish” bandini bosing, keyin noyob yuksaltirilgan hadyalarni sotib olish uchun “Kolleksion hadyalar” filtrini tanlang.
Telegram endigina 13 ga kirdi! U hali ham avtomobil hayday olmaydi va ovoz bera olmaydi (kimdir qarab turganda), lekin hech boʻlmaganda ijtimoiy tarmoqlardagi hisoblarimiz nihoyat kulrang zonadan chiqdi yoki ularni 8 yoshli bolalar boshqarmaganida shunday boʻlardi.
Oʻtgan yili biz 55 tadan ortiq funksiyani oʻz ichiga olgan 12 ta yirik yangilanish chiqargan edik – mana, eng sevimlilarimizdan baʼzilari:
Endi biz ishga qaytamiz, siz esa nishonlang va soʻz erkinligidan foydalaning.
Erkinlik oʻzini oʻzi ifoda etmaydi!
2026-yil 25-avgust
Telegram jamoasi